1-dekabr – Qoraqalpoq tili bayrami arafasidagi oʻylar Qoraqalpogʻiston Respublikasida oʻzbek va qoraqalpoq tillari davlat tili maqomiga ega. Har ikkala tilda ish yuritiladi va ta’lim olib boriladi. Tillarning rivojlanishi va amalda qoʻllanilishiga keng imkoniyatlar yaratilgan. Qoraqalpoq tili va adabiyoti boʻyicha ilmiy izlanishlar olib borilmoqda. Zamonaviy ilm-fan, texnika, ta’lim hamda ishlab-chiqarish talablariga mos ravishda tilni ijtimoiy sohada keng qoʻllash va uni himoya qilish boʻyicha hukumat chora-tadbirlari ishlab chiqilgan. Hukumat tomonidan tuzilgan maxsus atamashunoslik qoʻmitasi tilimiz sofligi, unda oʻzlashma soʻzlarning qoʻllanilishi va umuman atamashunoslik muammolari bilan shugʻullanadi. Aynan shu atamashunoslik qoʻmitasi tavsiyasiga binoan rasmiy nashriyotlarda va oʻquv adabiyotlarida biz biror narsa yoki buyumni anglatish uchun u yoki bu soʻzni yozamiz. Bu xususda, meni anchadan beri oʻylantirib kelayotgan bir masala haqida toʻxtalib, oʻz fikrlarim bilan siz aziz hamkasblar, studentlar, oʻquvchilar va keng jamoatchilik bilan oʻrtoqlashmoqchiman. Masala boʻlsa matematika fanida qoʻllaniladigan “ILDIZ” atamasi haqida.
Matematika fanining algebra boʻlimida “tenglama ildizi”, “kvadrat ildiz”, “kubli ildiz”, “toʻrtinchi darajali ildiz” va hokazo shu kabi ildiz soʻzi bilan bogʻliq atamalar koʻp qoʻllaniladi. Oʻzim ta’limni oʻzbek va rus tillarida olganim va keyinchalik ham oʻqituvchilik va ilmiy faoliyatimni asosan oʻzbek va rus tillarida yuritganim sabab, yaqinlargacha, menda bu algebraik atama bilan bogʻliq biror e’tiroz boʻlmagan edi. Ammo, bir-necha yillardan beri qoraqalpoq tilida ta’lim oluvchi guruhlarda dars oʻtish jarayonida oʻzbek tilida “tenglama ildizi” va “kvadrat ildiz” deb ataluvchi atamalar qoraqalpoq tilida rus tilidan oʻzlashma boʻlib kirib kelgan “koren” (корень) soʻzi yordamida qoʻllanilishini bilib oldim. Ya’ni “ten’leme koreni”, “kvadrat koren” va hokazo. Menga bu holat juda ajabtovur tuyuldi. Nega bunday? Nima qoraqalpoq tilida “koren” (корень) soʻzi oʻrnini bosadigan soʻz yoʻqmi? Qoraqalpoq tili axir qadimiy va boy til emasmi? Albatta, qadimiy til! Albatta, boy til! Unda nega muhokama etilayotgan atama masalasida ahvol yuqoridagidek? Nega matematika atamasi “koren” oʻrniga qoraqalpoq tilida bor boʻlgan “ildiz” yoki “tomir” soʻzi qoʻllanilmaydi? Bu haqda qoraqalpoq tili atamashunoslari nima der ekan?
Albatta, kimlargadir, bu masala diqqatga sazovor emasdek tuyular. Ammo, mening nazarimda matematikada “ildiz” atamasining “koren” deb qoʻllanilishi va bu ahvolning haligacha davom etib kelishi achinarli.
Bu “koren” atamasi bilan bogʻliq holatga bir tomondan, yuzaki qaralsa, u faqat matematikaga oid, xususiy masala deb qaralishi, ammo, ikkinchi tomondan, keng ma’noda qaralsa, bizni uzoq tarix, moziyga eltishi va chuqur oʻylarga toldirishi mumkin. U haqida mulohaza yuritib biz xalqimizning kelib chiqishi va rivojlanish ildizlarini yanada puxta oʻrganamiz. Fikrlamay, oʻylamay, “koren” atamasini qabul qilib, qoʻllab yuraversak, xuddi, bir paytlar kommunizm mafkurachilari “1924-yilga qadar qoraqalpoq tili va alifbosi umuman boʻlmagan” deganlaridek, “koren” atamasini bizga ulugʻ rus ogʻamiz oʻrgatgan deb qabul qilishimizga toʻgʻri keladi. Unda bizning qadimiyligimiz qayerda qoladi? Axir qoraqalpoq xalqi shu zaminda yoki birgalikda boshqa xalqlar bilan bir osmon tagida asrlar davomida yashamaganmi? Yashagan albatta! Umumiy tariximiz bunga guvoh. Ajdodlarimiz yaratgan ilm-fan yutuqlari ham barchamizning umumiy ma’naviy boyligimiz. Bizning makondan buyuk allomalar yetishib chiqqan. Al Xorazmiy, Beruniy va al-Koshiy kabi buyuk matematiklar bilan faxrlanamiz. Hatto, XX asr boshlarida sobiq shoʻro hokimiyati ommaviy “oqartuv” ishlarini olib bordi, hozirgi oʻquv adabiyotlar mualliflarining aksariyat qismi sovet ya’ni rusiyzabon ta’lim-tarbiya olgan hamda matematik “ildiz” atamasi shu tarzda rus tilida qanday boʻlsa shunday toʻgʻridan-toʻgʻri qoraqalpoq darsliklariga kirib qolgan deganda ham hozirgi davrda “koren” atamasining matematikada, oʻquv adabiyotlarida, qoʻllanilishini oqlab boʻlmaydi. Chunki, hozir davr boshqa, siyosat boshqa. Oʻzbekiston va Qoraqalpgʻiston yangi davrga qadam qoʻymoqda, yangilanish roʻy bermoqda. Uchinchi uygʻonish ya’ni renessans tillarimizning ham rivojlanishiga keng imkoniyatlar ochib bermoqda, jumladan, atamashunoslik fanida ham atamalarni teran tarixiy merosimiz va til boyligimiz zahirasi mavjudligini inobatga olgan holda qayta koʻrib chiqishimiz lozim.
Qoraqalpoq tilida yozilgan matematika oʻquv adabiyotlarida “koren” atamasining haligacha qoʻllanish holatini til boy emas deb izohlab boʻlmaydi, chunki qoraqalpoq tili boy til! Unda qanday izohlaymiz? Izoh shuki: “koren” atamasini matematikada ishlatish masalasida mutasaddi atamashunoslar qoraqalpoq tilining boyligi, “koren” soʻzi ma’nosini bosa oladigan soʻzlarning mavjudligini inobatga olmagan. Qoraqalpoq tilida “koren” atamasi oʻrnini bosa oladigan soʻz mavjud boʻlganiga hamda ziyolilar e’tiroziga qaramay, rus tili tarafdorlari yoki shovinistik siyosat tazyiqi ostida oʻquv adabiyotlarga “koren” atamasi majburiy kiritilgan. Albatta, bunday zoʻravonlik siyosat natijasida oʻquv adabiyotlarimizda koʻpchilik atamalar, xususan matematikadagi “ildiz” atamasi, rus tilidagi soʻzlar orqali ifodalanishi faqat bizning xalqimiz gardaniga tushgan qismat emas. Sobiq ittifoq hududida istiqomat qilgan qardosh xalqlarimizdan qorachoy va no‘gʻay xalqlarini bunga misol etib keltirishimiz mumkin. Bu ikkala xalq ham turkiy xalq boʻlib qoraqalpoq xalqiga juda yaqin qardosh xalq hisoblanadi. Tillarida ikkala xalq ham matematik “ildiz” atamasi yoki belgisini anglatish uchun rus tilidagi “koren” soʻzidan foydalanishadi. Ammo, sovet siyosati tazyiqiga qaramasdan, muhokama etilayotgan masala xususida oʻz til sofligini saqlab qolgan xalqlar ham talaygina. Bunga yaqqol misol etib qoraqalpoq xalqi bilan asrlar davomida bir osmon tagida yashab kelgan, umumiy tarixga ega oʻzbek, qozoq, qirgʻiz va turkman xalqlarini keltirishimiz mumkin. Matematikada ishlatiladigan rus tilidagi “корень” soʻzi oʻzbek tilida “ildiz”, qozoq tilida “түбір”, qirgʻiz tilida “тамыр” va turkman tilida “köki” soʻzlari orqali anglatiladi. Qardosh xalqlardan turk va ozarbayjon xalqlari ham matematik “ildiz” atamasini anglatishda “kök” soʻzidan foydalinishadi. Hozirda ham Rossiya Federatsiyasi tarkibida yashayotgan qardosh xalqlardan biri tatarlar ham, Rossiya imperiyasiga, bizlarga nisbatan ancha oldin qoʻshib olinganiga va aholisini teng yarmi ruslashtirilishiga va hatto xristianlashtirishiga qaramay, “квадратный корень” uchun oʻz milliy atamasi “квадрат тамыр” ni saqlab qolgan va uni hozirda qoʻllab kelishmoqda. Yana bir misol, Rossiya Federatsiyasining olis Sibirida joylashgan Saxa Yakutiyaning tub xalqi – turkiy xalq Yoqutlar ham oz sonli boʻlishiga qaramay “квадратный корень” rus soʻzi oʻrniga “квадратный төрүт” kabi milliy atamadan foydalanishadi.
Yuqorida keltirilgan qisqa tahlildan quyidagicha xulosa qilish mumkin: Rossiya imperiyasiga tobelikda boʻlgan ba’zi xalqlar matematika oʻquv adabiyotlarida “matematik ildiz” belgisi va u bilan bogʻliq ifodalarni anglatishda rus tilidan oʻzlashgan “корень” soʻzidan yasalgan “koren” atamasi qoʻllaniladi. Ammo, ba’zi xalqlar “matematik ildiz” belgisi va u bilan bogʻliq ifodalarni anglatishda oʻzlarining milliy til atamasini saqlab qolishgan va hozirda ham foydalanishadi.
Qoraqalpoq tilida ham ba’zi turkiy (qorachoy, noʻgʻay, xakas, ...) xalqlar tillarida kabi “koren” atamasi oʻrnashib olgan boʻlib, mana mustaqil boʻlganimizga chorak asrdan oshganiga hamda qoraqalpoq tili davlat tili maqomiga ega boʻlganiga 31 yil boʻlishiga qaramay, hali ham, afsuski, qoʻllanib kelinmoqda. Axir, oʻz soʻzimiz boʻla turib, oʻzga xalqlar, u ham boʻlsa istilochi tili soʻzlarini qabul qilish va ishlatish bu tobelikning belgisi emasmi? Bu tobelik hali ham qandandir ma’naviy ma’noda davom etmayotmaganmikin? Deyarli, bir yarim asr oldin Rossiya, undan keyin sho’ralar davlati mustamlakasi boʻldik ... . Istilochilar atamasidan foydalanish “Qul vaqt oʻtib oʻz zanjiriga mehr qoʻyadi” iborasining bir xususiy holatda koʻrinishi emasmikin?
Rus xalqi, tarixdan ma’lum, ilm-fan yutuqlari va texnologiyalarni Ovrupa mamlakatlaridan oʻrgangan. Matematika va tabiiy fanlarni oʻganishda ruslar uchun Ovrupa xalqlari tilida yozilgan adabiyotlar birinchi manba boʻlib xizmat qilgan. Ammo, buning natijasida ruslar ingliz tilida “matematik ildiz” belgisi va u bilan bogʻliq ifodalarni anglatishda ishlatiladigan “root” soʻzidan foydalanishmaydiku! Bu matematik belgini anglatish uchun Ovrupa xalqlarining har birining oʻz soʻzlari mavjud. Masalan, “matematik ildiz” belgisi uchun olmonlar “wurzel”, faranglar “racine”, italyanlar “radice”, hollandlar “wortel”, ispanlar “raíz”, portugallar “raiz”, polshaliklar “pierwiastek” soʻzidan foydalanishadi. Qadimiy turkiy xalqlardan biri, bundan ming yillar oldin Osiyo sarhadlarida ot surib, taqdir taqozosi bilan Ovrupada muqim oʻrnashib qolgan vengrlar (majorlar) “kvadrat ildiz” belgisi uchun “négyzetgyök” atamasiga ega. Dunyoning boshqa xalqlarida ham “matematik ildiz” belgisi uchun oʻzlarining maxsus atamalari bor. Hindiston necha yillar davomida Buyuk Britaniyaning mustamlakasi boʻlgan. Ammo, hindlar inglizlarning “square root” soʻzini qabul qilmagan. Aksincha, oʻz milliy tili atamasi “वर्गमूल” [: vargamool] dan foydalanishadi. Gurjiston bizga nisbatan koʻproq vaqt Rossiya imperiyasi istilosida boʻlganiga qaramay, “kvadrat ildiz” belgisi uchun “კვადრატული ფესვი” [:k’vadrat’uli pesvi] atamasini saqlab qolgan. Bunday misollarni yana koʻplab keltirish mumkin.
Xulosa, nima demoqchiman. Yuqoridagi mulohazadan, hali atamashunoslarimiz oldida koʻp ishlar borligi va bu ishlarni izchil, uzluksiz va tez sur’atlarda davom ettirish kerakligi ma’lum boʻlmoqda. Xususan, “matematik ildiz”, “kvadrat ildiz” belgisi va shu kabi belgi va tushunchalarni qoraqalpoq tilida anglatishda rus tilidan oʻzlashma “koren” soʻzi oʻrniga muqobil milliy soʻz qoʻllanish boʻyicha chora-tadbir kerakligi kun tartibiga chiqmoqda. Qoraqalpoq tili atamashunoslariga “koren” soʻzi oʻrniga “negiz”, “tomir”, “ildiz”, “tubi” kabi soʻzlarni muqobil ravishda koʻrib chiqishni tavsiya qilaman. Tangri yorlaqab soʻzimiz tuzalsa, maqolda aytilganidek, el tuzaladi. Oʻquv adabiyotlarimizda milliy atama qoʻllanila boshlaydi va “koren” kabi yot soʻzlardan qutilamiz. Qoraqalpoq tili rivoji uchun yana bir kirpich qoʻygan boʻlamiz. Zero, barchamizning maqsadimiz shu emasmi, tilimizni rivojlantirish, uning har sohada toʻlaqonli qoʻllanishiga erishish, elga xizmat qilish.
Bahram Yavidov,
Fizika-matematika fanlari doktori, Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti “Fizika oʻqitish metodikasi kafedrasi” dotsenti.